Toshkent shahar hokimligi a’lochisi
The contest has ended
Toshkent shahar hokimligi hamda Turin Politexnika universitetining
2025-yil ____-maydagi
_____, _____ va _____-son qaroriga
1-ilova
Umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchilari oʻrtasida “Toshkent shahar hokimligi a’lochisi” onlayn olimpiadasini tashkil etish
va oʻtkazish toʻgʻrisida
NIZOM
Mazkur Nizom umumiy oʻrta taʼlim maktablarining (jumladan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan taʼlim muassasalari agentligi tizimidagi maktablar va maktab-internatlarning) 1-11-sinf oʻquvchilari oʻrtasida “Toshkent shahar hokimligi a’lochisi” onlayn olimpiadasini (keyingi oʻrinlarda – olimpiada) tashkil etish va uni oʻtkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Olimpiada odillik, ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida oʻtkaziladi.
2. Olimpiada uchun nazorat materiallarini tayyorlash va olimpiadani oʻtkazish bilan bogʻliq tadbirlar Toshkent shahridagi Turin Politexnika Universiteti tomonidan muvofiqlashtiriladi.
3. Olimpiada nazorat materiallari oʻquvchilarning bilim va koʻnikmalarini baholashga qaratiladi.
4. Oʻquvchilar olimpiadada oʻz xohishlariga koʻra, ixtiyoriy ravishda qatnashadilar.
2-bob. Olimpiadani oʻtkazishning maqsadi va vazifalari
5. Olimpiadani oʻtkazishning maqsadi iqtidorli, qobiliyatli va isteʼdodli yoshlarni aniqlash, ulardagi ijodiy qobiliyatlarning roʻyobga chiqishiga koʻmaklashish va qoʻllab-quvvatlashdan iborat.
6. Olimpiadani oʻtkazishning vazifalari quyidagicha:
davlat taʼlim standartlari, oʻquv dasturlari va darsliklarning samaradorligini tahlil qilish;
oʻquvchi yoshlarning isteʼdodi va ijodiy qobiliyatlarini roʻyobga chiqarish;
oʻquvchilarda oʻzlari tanlagan fanlar va ixtisosliklarni chuqur oʻrganishga qiziqishni oshirish;
oʻquvchilarning kelajakdagi kasblarni toʻgʻri tanlashiga koʻmaklashish.
3-bob. Olimpiadaning tashkiliy tuzilmalari
7. Olimpiadani oʻtkazish uchun tashkiliy qoʻmita, hakamlar hayʼati va apellyatsiya komissiyasi tashkil etiladi.
1-§. Tashkiliy qoʻmita
8. Olimpiadani tashkil etish uchun Toshkent shahr hokimligi va Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti (keyingi oʻrinlarda – Universitet) tomonidan olimpiadani oʻtkazish boʻyicha tashkiliy qoʻmita (keyingi oʻrinlarda – tashkiliy qoʻmita) tuziladi.
9. Quyidagilar tashkiliy qoʻmitaning vazifalari hisoblanadi:
olimpiada oʻtkaziladigan joyni belgilash va tasdiqlash;
hakamlar hayʼati tarkibi, apellyatsiya komissiyasi aʼzolari, auditoriya rahbarlari roʻyxatini shakllantirish va tasdiqlash;
olimpiada nazorat materiallarining maxfiyligini, olimpiadani mazkur Nizom talablari asosida oʻtkazilishini taʼminlash;
olimpiadaning tashkil etilishi, oʻtkazilishi va natijalarini ommaviy axborot vositalarida yoritib borish;
barcha olimpiada ishtirokchilari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash va testbor.uz veb-saytida eʼlon qilish;
olimpiada natijalari va hakamlar hayʼati qarori asosida gʻoliblarning keyingi bosqichda ishtirok etishi boʻyicha qaror qabul qilish;
gʻolib boʻlgan har bir ishtirokchiga mukofotlar, maxsus sovgʻalarni belgilash va taqdim etish.
2-§. Hakamlar hayʼati
10. Olimpiada natijalarini xolisona va adolatli baholash uchun tashkiliy qoʻmita tomonidan 3 kishidan 7 kishigacha tarkibda hakamlar hayʼati tuziladi.
11. Quyidagilar hakamlar hayʼatining vazifalari hisoblanadi:
olimpiada jarayonida beriladigan nazorat materiallarini ekspertizadan oʻtkazish;
olimpiada ishtirokchilari tomonidan bajarilgan ishlarni xolisona tekshirish, baholash va gʻoliblarni aniqlash;
olimpiada bosqichlari natijalarini eʼlon qilish;
olimpiada natijalari boʻyicha qaror qabul qilish va uni tashkiliy qoʻmitaga taqdim etish.
12. Hakamlar hayʼati tarkibiga Markaz, taʼlim sohasidagi davlat boshqaruv organlari, nodavlat taʼlim tashkilotlari, oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot institutlarining yuqori malakali mutaxassislari jalb qilinishi mumkin. Har bir fan boʻyicha tuzilgan hakamlar hayʼati aʼzolari ochiq ovoz berish yoʻli bilan hayʼat raisini saylaydilar.
13. Hakamlar hayʼati aʼzolari olimpiada gʻoliblarini xolisona aniqlashda va nazorat materiallarining maxfiyligini taʼminlashda shaxsan javobgar hisoblanadi.
3-§. Auditoriya rahbari va nazoratchilar
14. Tashkiliy qoʻmita tomonidan olimpiadaning uchinchi bosqichi boshlanishidan oldin fan oʻqituvchilari orasidan olimpiada oʻtkaziladigan xonalarga auditoriya rahbari va nazoratchilari tayinlanadi.
Fan oʻqituvchisi oʻz mutaxassislik yoʻnalishida olimpiada oʻtkazilayotgan auditoriyaga rahbar yoki nazoratchi etib tayinlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
15. Auditoriya rahbari:
ishtirokchilarga olimpiadaning tartib-qoidalari toʻgʻrisida qisqacha tushuntiradi;
olimpiada boshlanishi va tugash vaqtini eʼlon qiladi hamda olimpiada jarayonini nazorat qiladi;
olimpiada jarayonida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga amal qilmagan ishtirokchilarni olimpiadadan dalolatnoma tuzib, chetlashtiradi.
16. Auditoriya nazoratchilari olimpiada oʻtkazilayotgan va oʻzlari biriktirilgan auditoriyada tartib saqlanishini taʼminlaydilar hamda auditoriya rahbariga qoʻyilgan vazifalarni amalga oshirishda koʻmaklashadilar.
17. Olimpiada oʻtkaziladigan auditoriyalar videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi. Auditoriyada telefon va turli aloqa vositalaridan foydalanish taqiqlanadi. Matematika fanida sirkul va chizgʻichdan foydalanishga ruxsat etiladi.
Ommaviy axborot vositalari vakillariga olimpiada jarayoniga xalaqit qilmagan holda kuzatishlariga ruxsat beriladi.
18. Olimpiada oʻtkazilayotgan jarayonda ishtirokchilarning oʻzaro gaplashishi, aloqa vositalari va turli xil qoʻshimcha manbalardan foydalanishi taqiqlanadi.
Bunday holatlar uchun ishtirokchi olimpiadadan chetlashtiriladi, bajargan ishlari tekshirilmaydi va baholanmaydi.
4-§. Apellyatsiya komissiyasi
19. Apellyatsiya komissiyasi tashkiliy qo‘mita tomonidan hakamlar hayʼati tarkibiga kirmagan uch nafargacha fan mutaxassislaridan iborat tarkibda tuziladi.
20. Apellyatsiya komissiyasi tomonidan olimpiada ishtirokchilarining arizalari olimpiada natijalari eʼlon qilingandan so’ng qabul qilinadi. Apellyatsiya jarayonida hakamlar hayʼati aʼzolari, ishtirokchi va uning fan oʻqituvchisi ishtirok etishi mumkin.
21. Apellyatsiyaga olimpiada ishtirokchilarining faqatgina oʻzlari tomonidan bajarilgan ishlarini qayta koʻrib chiqish boʻyicha natija eʼlon qilingandan so’ng arizalar qabul qilinadi.
22. Hakamlar hayʼati tomonidan baholangan ishtirokchining bajargan ishida baholash mezonlariga mos kelmaslik holatlari aniqlanganda apellyatsiya komissiyasi hakamlar hayʼati qarorini bekor qilish yoki ularga oʻzgartirishlar kiritish huquqiga ega.
23. Apellyatsiya komissiyasi hakamlar hayʼatiga apellyatsiya natijalari boʻyicha izoh berib, olimpiada natijalarini oʻzgartirishi mumkin va bunda hakamlar hayʼati qarori qayta tasdiqlanadi.
4-bob. Olimpiadani tashkil etish va oʻtkazish
24. Olimpiada quyidagi fanlardan oʻtkaziladi:
Matematika va ingliz tili – 1-11 sinflar.
25. Olimpiada uch bosqichda quyidagi muddatlarda oʻtkaziladi:
birinchi bosqich – saralash bosqichi 7-17-iyul kunlari (onlayn);
ikkinchi bosqich – tuman bosqichi Toshkent shahar tumanlari miqyosida 27-31-iyul kunlarida (onlayn);
uchinchi bosqich – final bosqichi 17-27-avgust kunlari (oflayn);
taqdirlash marosimi – 7-sentyabr kuni.
26. Birinchi va ikkinchi bosqichlar onlayn tarzda tashkil etiladi. Olimpiadada ishtirok etish uchun roʻyxatdan oʻtish, qatnashish va natijalarni aniqlash testbor.uz elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Onlayn olimpiadani texnik jihatdan taʼminlash Universitet tomonidan amalga oshiriladi.
Olimpiada barcha fanlardan mazkur Nizomga 1-ilovaga muvofiq nazorat turlari va shakllarida oʻtkaziladi.
27. Olimpiada nazorat materiallari umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standarti va oʻquv dasturlariga hamda murakkabligi kamida oliy taʼlim tashkilotlariga kirish imtihonlaridagi nazorat materiallari darajasiga muvofiq boʻlishi taʼminlanadi.
Fanlar boʻyicha olimpiada sinovlari xalqaro olimpiadalarning talablari va topshiriqlari metodologiyasini qoʻllagan holda oʻtkaziladi.
Olimpiada ishtirokchilarini baholash mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq baholash mezonlari asosida amalga oshiriladi.
28. Birinchi bosqichdan 70 va undan yuqori ball to’plagan ishtirokchilar keyingi bosqichga yo’llanma oladi.
Keyingi bosqichga tavsiya etilgan ishtirokchilar orasidan toʻplangan ballar teng boʻlib qolganda, vaqt natijalariga koʻra gʻolib aniqlanadi.
Keyingi bosqichda ishtirok etish uchun tavsiya etilgan ishtirokchilar haqidagi maʼlumotlar testbor.uz elektron platformasida eʼlon qilinadi.
29. Olimpiadani oʻtkazish bilan bogʻliq masalalar, nazorat materiallarining maxfiyligini, jarayonning adolatli va shaffof oʻtkazilishini taʼminlashga Universitet masʼul hisoblanadi.
30. Uchinchi bosqich Toshkent shahar hokimligi tomonidan Universitet binosida ikkinchi bosqichda 80 va undan yuqori ball to’plagan ishtirokchilar oʻrtasida oʻtkaziladi.
31. Uchinchi bosqichda har bir sinf kesimida 10 nafargacha gʻolib aniqlanadi. Uchinchi bosqichda 70 balldan kam to’plagan ishtirokchilar g’oliblik uchun bellasha olmaydi.
Yuqoridagi o’nta oʻrin yoki ulardan biri uchun toʻplangan ballar teng boʻlib qolganda, vaqt natijalariga koʻra 1–10-oʻrin sovrindorlari aniqlanadi.
32. Uchinchi bosqichni tashkil etishda ishtirokchilarning uchinchi bosqich boʻlib oʻtadigan manzilga xavfsiz kelib-ketishlariga ushbu ishtirokchilar taʼlim oladigan taʼlim tashkilotlarining rahbarlari masʼul hisoblanadi.
33. Olimpiada jarayonida oʻrnatilgan tartib-qoidalarga rioya qilmagan oʻquvchilar hakamlar hayʼati qarori bilan olimpiadadan chetlashtiriladi. Bu haqda tuzilgan dalolatnoma hakamlar hayʼati raisi va aʼzolari tomonidan imzolanadi.
34. Olimpiada ishtirokchisi quyidagi hollarda uchinchi bosqich nazorat sinovidan chetlashtiriladi:
sinov oʻtkazilayotgan auditoriyaga har qanday shpargalka yoki telekommunikatsiya va texnika vositalarini olib kirsa;
sinov oʻtkazilayotgan vaqtda boshqa ishtirokchilar bilan muloqot qilsa;
savollarni koʻchirib olishga hamda sinov materiallarini auditoriyadan olib chiqishga harakat qilsa;
sinov materiallarini boshqa talabgorlarga bersa, sinovni oʻtkazish jarayoniga xalaqit qilsa;
sinov jarayoniga boshqa talabgorning oʻrniga kirganligi aniqlansa;
sinov uchun ajratilgan vaqt tugagandan soʻng sinov materiallarini topshirishdan bosh tortsa;
sinov jarayonida videokuzatuvlar orqali talabgorning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa.
5-bob. Olimpiada gʻoliblarini ragʻbatlantirish
35. Olimpiadaning uchinchi bosqichida gʻolib boʻlgan har bir ishtirokchiga quyidagi mukofotlar beriladi.
a) 1-11-sinf oʻquvchilari uchun:
1-oʻrinni egallagan ishtirokchiga – noutbuk;
2-oʻrinni egallagan ishtirokchiga – planshet;
3-oʻrinni egallagan ishtirokchiga – mobil telefon;
4–10-oʻrinlarni egallagan ishtirokchilarga – kitoblar;
b) eng yaxshi natijalarni ko‘rsatgan o‘quvchilarning ustozlariga — Kompyuter
36. Ishtirokchilarga beriladigan mukofotlar, sovgʻalar va imtiyozlar Tashkiliy qoʻmitaning qaroriga binoan oʻzgartirilishi mumkin.
37. Olimpiadaning har bir bosqichi 100 ballik tizimda baholanadi hamda uchinchi bosqichda 80 ball va undan yuqori ball toʻplagan ishtirokchilar maxsus faxriy yorliqlar bilan taqdirlanadi.
38. Olimpiada gʻoliblarini ragʻbatlantirish xarajatlari Toshkent shahar hokimligi mablagʻlari hisobidan qoplanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoidalar
39. Olimpiadaga jalb qilingan hakamlar hayʼati aʼzolari va apellyatsiya komissiyasi aʼzolarining xizmat safari bilan bogʻliq kunlik, yashash va transport xarajatlari ularning asosiy ish joyidan qoplanadi.
40. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladi.
Umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Toshkent shahar hokimligi a’lochisi” onlayn olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga
1-ilova
Umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Toshkent shahar hokimligi a’lochisi” onlayn olimpiadasini
NAZORAT TURLARI VA SHAKLLARI
|
№ |
Fanlar |
Savollar soni |
Test turi |
Ball* |
Umumiy ball |
|
|
1 |
Matematika |
10 |
1 |
Yagona tanlov |
5 |
70 |
|
2 |
Ko'p tanlov |
7 |
||||
|
3 |
Bo'shliqlarni to'ldirish |
7 |
||||
|
4 |
Yopiq test |
9 |
||||
|
2 |
Ingliz tili |
10 |
1 |
Yagona tanlov |
1 |
30 |
|
2 |
Ko'p tanlov |
2 |
||||
|
3 |
Bo'shliqlarni to'ldirish |
4 |
||||
|
4 |
Yopiq test |
5 |
||||
|
* - Test turi hamda ballari savollar soniga qarab o'zgarishi mumkin |
||||||
|
Qiyinlik darajasi |
Oson |
Oʻrtacha |
Qiyin |
|
Soni/ulushi |
8/40% |
8/40% |
4/20% |
Umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Toshkent shahar hokimligi a’lochisi” onlayn olimpiadasini tashkil etish va oʻtkazish toʻgʻrisidagi nizomga
2-ilova
Umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari oʻrtasida “Toshkent shahar hokimligi a’lochisi” onlayn olimpiadasi ishtirokchilarining natijalarini
BAHOLASH MEZONLARI
1-bosqich (1-11-sinflar) – 20 ta savol uchun jami 100 ballgacha;
2-bosqich (1-11-sinflar) – 20 ta savol uchun jami 100 ballgacha baholanadi;
3-bosqich (1-11-sinflar) – 20 ta savol uchun jami 100 ballgacha baholanadi;
Har bir bosqichda 1-11-sinflar 20 ta savolga javob berish uchun jami 60 daqiqa vaqt belgilanadi.
Olimpiada bosqichlarida oʻquvchilarning ballari teng boʻlib qolganda vaqt natijalariga koʻra gʻolib aniqlanadi.
Savollarning murakkablik darajasi quyidagicha boʻladi:
|
Qiyinlik darajasi |
Umumiy hisobda ulushi |
|
Oson |
30% – 40% |
|
Oʻrta |
30% – 40% |
|
Qiyin |
10% – 30% |